“INDIGO bolalar” yohud “YANGI IRQ” vakillari

So‘ngi paytlarda “Indigo bolalar” degan jumlaga radioda, tv da, gazeta va internetda tez-tez duch kelyapmiz. Ayrim telekanallarda shu nomdagi ko‘rsatuvlar ham yo‘lga qo‘yildi.
Xo‘sh, “indigo” nima degani o‘zi? “Indigo bolalar” haqiqatdan ham bormi? Psixologiya lug‘atiga “indigo” atamasi birinchi bo‘lib amerikalik ruhshunos, ekstrasens Nensi Enn Tepp tomonidan 1982 yili “Hayotingizni yaxshiroq tushunishda ranglarning o‘rni” nomli kitobi orqali kiritilgan. Kitobda muallif ilk marotaba inson aurasining rangi va uning xarakter xususiyatlari orasida bog‘liqlikka e‘tibor qaratadi. Aniqlanishicha, sangviniklarda-qizil, melanxoliklarda-moviy, flegmatik tip vakillarida-oq va xoleriklarda-sariq rangli aura bo‘larkan. Inson qalbi va ruhining ko‘rinishi hisoblangan aurani o‘rganish borasidagi tadqiqotlardan ayrim noyob qobiliyatli bolalarda u ko‘kimtir siyohrang –
“indigo” rangida ekanligi ma‘lum bo‘ldi. Eng zamonaviy maxsus texnologiyalar yordamida kichkintoylar suratga olinganida ham ularning auralari binafsha rangdaligi ko‘rindi. Shundan, “indigo bolalari” nomi tug‘ildi. Qizig‘i, avvallari insonda bu rangdagi aura kuzatilmagan. Bugungi kunda, yer yuzida g‘ayri tabiiy bolalarning tug‘ilishi ko‘p kuzatilmoqda. Shu bois qator rivojlangan mamlakatlarda bunday bolalar bilan ishlash hukumat darajasidagi masalaga aylanib ulgurgan. Milliy intellektual salohiyat masalalari bo‘yicha komissiyalar noodatiy qobiliyat, yuqori darajadagi zakovatga ega “indigo” larni
qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ymoqda. Genial shaxslar har doim ham bo‘lgani va har bir davrda ham kuzatilgani ma‘lum. Motsart, Leonardo da Vinchi, Van Gog, Alisher Navoiy, Abu Nasr Farobiy, Jaloliddin Rumiy-bular “indigo” toifasidagi insonlar bo‘lgani ehtimoldan holi emas. Ammo “yangi irq vakillari” deb yuritilayotgan “indigo” larda mislsiz tafakkur iqtidori bilan birgalikda ekstrasensorika, telekinez va hatto teleportatsiya* qilish qobiliyatlari ham kuzatiladi. Oldin bu kabi yuksak qobiliyat mingdan bir insonga berilardi, milliondan bittada keraklicha shakllanib, o‘n milliondan faqat birgina shaxs haqiqatda dahoga aylangan. Bu toifadagi bolalar kundan-kunga ko‘payib borayotgan bugungi kunda ularning soni 60 millionga yaqinlashib qolgan degan ma’lumotlar bor. Yanada to‘liqroq faktlarni keltirishimiz mumkin: bugun ellik yoshlilarning 1 foizi, o‘ttiz yoshlilarning 10 foizi, o‘n-o‘n ikki yoshlilarning 25 foizi “indigo”.

Aslida kim bu kichkintoylar?
Bunyodkormi yoki vayronkor?

Bolakaylarning eng umumiy jihatlari ular o‘z qadr-qimmati haqida zarracha ham ikkilanmay ochiq aytadilar. Faqat faoliyat erkinligini tan oladilar. Ijodkorligini susaytirish, bosim o‘tkazishga harakatni sezganda o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishadi. 3-4 yoshida ba‘zi kattalarning qo‘lidan kelmaydigan darajada kompyuter texnologiyalarini o‘zlashtirib olish qobiliyatiga ega. Psixologlar “binafsharang” aurali bolalardan genial rassomlar yoki
shafqatsiz jinoyatchilar, savdoi olimlaru mantiq chegarasidan osonlikcha hatlab o‘tadigan g‘ayrioddiy shaxslar yetishib chiqishi mumkin, degan fikrda. Boisi, “indigo” lar hech narsadan tap tortmaydi, qo‘rquv hissi, taqiq ularga yot tushuncha, o‘z maqsadi yo‘lida hech nimadan qaytmaydi, chunki faqat va faqat o‘zlariga ishonadilar. “Indigo” lar aldashga bo‘lgan harakatni sezsa ham agressiv munosabat bildirishi mumkin, bundan keyin ularning ishonchini qaytarib olish juda mushkul.

GAP ULARNING GEN TUZILISHIDAMI?

“Indigo” bolalarning intellektual rivojlanish koeffitsienti (IQ) hozirda o‘rtacha 130 ga teng. 20 yil avval bu ko‘rsatkich daholik belgisi hisoblangan. Ma’lum bo‘lishicha, “indigo” larda bosh miyaning ikkala yarim shari ham teng rivojlangan bo‘lib, bu ularning imkoniyatlar ufqi nihoyatda keng degani. “Yangi irq vakillari” ning (shartli ravishda ularni shunday atalmoqda) immunitet tizimi ham oddiy insonlarnikiga nisbatan ancha takomil. Tadqiqotlardan ma’lum bo‘ldiki, “indigo” lar immuniteti oddiy bolalarnikidan 25
barobar kuchli ekan. Ularning kasalliklarga chidamliligini ko‘rgan olimlar DNK tahlili o‘tkazmoqchi bo‘lishdi. Aniq bo‘lishicha, ularning DNK sidagi kadonlar (genetik ma‘lumot tashuvchi) soni odatiy insonlarnikiga nisbatan bir nechta ortiq ekan. Shu sabab, genetik olimlar hamma gap ularning gen tuzilishida ekanini takidlashmoqda. “Indigo” larning oddiy insonlardan farqli tomonlaridan yana biri-o‘ta botiniy qarama-qarshiliklar, ichki ziddiyatlarga to‘la shaxslardir. Ularda bir vaqtning o‘zida mehr-muhabbat va nafrat,
soddadillik va mug‘ombirlik, ma’lum bilimlarga zo‘r ishtiyoq va qolganlariga nisbatan butkul beparvolik mujassamlashgan bo‘ladi. Real hayotga mutlaqo boshqacha nazar bilan qarab, muammolarning boshqalar sezmaydigan jihatlarini e‘tiborga olgan holda noan’anaviy va kutilmagan yechimlarini taklif etadilar. O‘z qadrini juda yaxshi anglagan bu bolakaylar hech qanday bosimni tan olmay, bo‘ysunishni yoqtirmaydilar va ulardagi aynan shu jihat atrofdagilar g‘azabini keltiradi.
Biroq bu ajoyib iste’dodli bolakaylarni universal bo‘lishiga qamay, ko‘pincha kundalik hayot va maktabda muammolardan holi deb bo‘lmaydi. “Indigolar” ta‘limning avtoritar usullarini keskin ravishda inkor etadi. Ulkan intellektual patensialga ega bo‘lsa-da, imtihonlarda qiyinchiliklarga duch keladi. O‘zlashtirolmaganligi uchun emas, fanlarni kerak, keraksizlarga ajratgani, kimningdir oldida (hatto imtihonda bo‘lsa ham) javob berishni o‘zlariga ep ko‘rmagani uchun. Jamiyatga moslashish ular uchun mushkul ish, odamlar orasida o‘zini tutish qoidalariga istamaygina qolmay, o‘zgarishni va xatolarni tan olishni inkor qiladilar. “Indigo” lar uchun eng muhimi tabiatan o‘zlariga o‘xshagan insonlar orasida bo‘lish.

BALKI O‘QUVCHINGIZ (Yoki FARZANDINGIZ, Ehtimol O‘ZINGIZ) “INDIGO” DIR?!

Yana bir bor “indigo” bolalariga xos bo‘lgan xususiyatlarni ilova qilib o‘taman: (Eslatma: bir shaxsda barchasi mavjud bo‘lmasligi ham mumkin.)
1.  Biroz odamovilik;
2.  O‘zini hurmat qilish, boshqalarga bo‘ysunishni yomon ko‘rish, bo‘ysunmaslik;
3. Yuqori ijodiy potensial va yuqori tafakkur darajasiga ega bo‘lish;
4.  Tajriba yo‘li orqali bilimlarni olishga harakat qilish, bir-biriga zid bo‘lgan fanlarga  qiziqish;
5. Diqqatning o‘zgaruvchanligi;
6.  Ta’sirchanlik, kayfiyat va xulqining o‘zgaruvchanligi;
7.  Noqulay muhitda depressiyaga moyillik;
8.  Mas’uliyatni kuchli his etish;
9.  An’anaviy tarbiya usullarini rad etish;
10. Ichki sezgining kuchliligi, xavfxatarni oldindan sezish;
11.  Raqamli texnologiyalarni oson va tezda o‘zlashtira olish.

BUYUK INQILOB YARATUVCHILARI

Mutaxasislar bir savolni o‘zlariga berishmoqda: xo‘sh “indigo” larning yer yuzidagi vazifasi  nimadan iborat? Ular topgan eng maqbul javob quyidagicha: Olamga yo‘qolib borayotgan uyg‘unlikni qaytarish “indigo” lar mavjudligining bosh sababi. Menimcha, “yangi avlod” o‘z tafakkur olamiga sho‘ng‘ib, ruhiyat imkoniyatlarini to‘la egallab olish.
Boshqacha aytganda fikr va tuyg‘ularni boshqara bilish, bioenergetik tuzilmalar faoliyatini boshqarishni o‘rganish va qolganlarni ham bu kabi yangi bilimlarni o‘zlashtirishga o‘rgatish uchun dunyoga kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarimizga a'zo bo'ling!
Bola tarbiyasi.

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi.